Xitoy fuqarosi bo‘lgan 34 yoshli Xu Zewei Silk Typhoon hackerlik guruhi bilan aloqadorlikda gumon qilinib, Italiyadan AQShga ekstraditsiya qilindi. U 2025-yil iyul oyida Italiya huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan bo‘lib, 2020–2021-yillar oralig‘ida AQSh tashkilotlari va davlat idoralariga qarshi amalga oshirilgan kiberhujumlarda ishtirok etganlikda ayblanmoqda. Ushbu hujumlar orasida Texasdagi universitet tizimiga kirib, COVID-19 vaksina tadqiqotlariga oid ma’lumotlarni o‘g‘irlash holati ham mavjud.
Xu Zewei AQShda jami to‘qqizta ayblov bilan sud qilinmoqda. Unga wire fraud, ruxsatsiz kirish orqali himoyalangan kompyuterlardan ma’lumot olish, tizimlarga zarar yetkazish va og‘ir darajadagi identifikatsiya o‘g‘irlash jinoyatlari qo‘yilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Xu Zewei ushbu hujumlarni boshqa bir Xitoy fuqarosi Zhang Yu bilan birgalikda amalga oshirgan. Ular Xitoyning davlat xavfsizlik organi — Ministry of State Security (MSS) tarkibidagi Shanghai State Security Bureau (SSSB) ko‘rsatmalari asosida harakat qilgan.
"Ushbu hujumlarda Microsoft Exchange Server’dagi zero-day zaifliklar faol ishlatilgan."
Mazkur faoliyat Microsoft tomonidan Hafnium nomi bilan kuzatilgan hujumlar bilan bog‘lanadi. Hujumchilar Exchange server’dagi zaifliklardan foydalanib tizimlarga kirib olgan va web shell’lar o‘rnatish orqali masofadan boshqaruv imkoniyatini qo‘lga kiritgan.
Tergov hujjatlariga ko‘ra, Xu Zewei hujumlar vaqtida Shanghai Powerock Network Co. Ltd. kompaniyasida ishlagan. AQSh Adliya vazirligi ushbu kompaniyani Xitoy hukumatiga hacking operatsiyalarida yordam beruvchi tashkilotlardan biri sifatida baholagan.
"2020-yil boshida ular AQShdagi universitetlar, immunologlar va virusologlarni nishonga olgan."
Ular COVID-19 vaksina, davolash va testlash bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga harakat qilgan. 2020-yil oxirlariga kelib esa Microsoft Exchange’dagi zaifliklardan keng foydalanish boshlangan.
Shu bilan birga, Xu Zewei o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda. Uning advokatiga ko‘ra, u o‘zini aybsiz deb hisoblaydi va bu voqeani shaxsni noto‘g‘ri aniqlash deb atamoqda. U Italiyaga rafiqasi bilan sayohat vaqtida borganida hibsga olingan.
Hozirda uning sherigi Zhang Yu hali ham qo‘lga olinmagan va qidiruvda qolmoqda.





