Dasturchilar uchun eng mashhur platformalardan biri bo‘lgan GitHub endilikda kod xavfsizligini oshirish maqsadida sun’iy intellektga asoslangan yangi skanerlash tizimini joriy etmoqda. Ushbu yangilanish GitHub Code Security xizmatining imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
"Yangi yondashuv an’anaviy statik tahlil bilan aniqlash qiyin bo‘lgan xavfsizlik muammolarini topishga yordam beradi," — deya ta’kidlaydi GitHub.
Avval CodeQL orqali amalga oshirilgan chuqur semantik tahlil o‘z o‘rnida qoladi, biroq endilikda unga AI yordamchi sifatida qo‘shiladi. Natijada tizim Shell/Bash, Dockerfile, Terraform, PHP kabi ilgari kam qamrab olingan muhitlarda ham zaifliklarni aniqlay oladi.
GitHub’ning bu yangi “gibrid modeli” 2026-yilning ikkinchi choragi boshida ommaga taqdim etilishi kutilmoqda.
Platformadagi GitHub Code Security vositalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri repository va dasturchi ish jarayoniga integratsiya qilingan. Ular koddagi zaifliklarni skanerlash, ochiq manba kutubxonalaridagi muammolarni aniqlash, sizib chiqqan maxfiy ma’lumotlarni topish va xavfsizlik ogohlantirishlarini berish imkonini taqdim etadi.
Eng muhim jihatlardan biri shundaki, bu tekshiruvlar pull request darajasida amalga oshiriladi. Ya’ni, kod asosiy loyihaga qo‘shilishidan oldin barcha muammolar aniqlanadi.
"Agar tizim zaif kriptografiya, noto‘g‘ri sozlamalar yoki xavfli SQL kodlarini aniqlasa, ular darhol pull request ichida ko‘rsatiladi."
GitHub ichki testlari natijasida yangi tizim 30 kun ichida 170 mingdan ortiq muammoni aniqlagan. Dasturchilarning 80 foizi esa ushbu aniqlangan xatolarni foydali deb baholagan.
Shuningdek, Copilot Autofix funksiyasi ham muhim rol o‘ynaydi. U aniqlangan muammolar uchun avtomatik yechimlar taklif qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Autofix yordamida muammolarni hal qilish o‘rtacha 0.66 soat vaqt olgan, oddiy holatda esa bu ko‘rsatkich 1.29 soatni tashkil etgan.
Bu yangilik kiberxavfsizlik sohasida yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatadi. Endilikda xavfsizlik faqat tekshiruv emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri dastur ishlab chiqish jarayonining ajralmas qismiga aylanmoqda.




