Rossiyaga aloqador bo‘lgan mashhur APT28 (Forest Blizzard / Pawn Storm nomlari bilan ham tanilgan) xakerlik guruhi Ukraina va uning ittifoqchilariga qarshi yangi keng ko‘lamli kiberhujum kampaniyasini boshladi. Ushbu kampaniya doirasida ilgari noma’lum bo‘lgan PRISMEX nomli zararli dasturlar to‘plami qo‘llanilmoqda.
Trend Micro tadqiqotchilariga ko‘ra, PRISMEX juda murakkab texnikalardan foydalanadi: steganografiya (ma’lumotlarni rasm ichiga yashirish), COM hijacking va bulut xizmatlaridan noqonuniy boshqaruv kanali sifatida foydalanish.
"PRISMEX steganografiya, COM hijacking va qonuniy cloud xizmatlaridan foydalanishni birlashtirgan murakkab tizim hisoblanadi"
Mazkur hujumlar kamida 2025-yil sentyabr oyidan beri davom etayotgani aniqlangan.
Hujum nishonlari juda keng:
- Ukraina davlat idoralari
- Mudofaa va favqulodda xizmatlar
- Polsha temiryo‘l logistika tizimlari
- Ruminiya, Sloveniya va Turkiya transport sektori
- NATO bilan hamkor harbiy va logistika tashkilotlari
APT28 hujumlarining eng xavfli jihatlaridan biri — ular hali ommaga e’lon qilinmagan zaifliklardan (zero-day) foydalangan. Jumladan:
- CVE-2026-21509
- CVE-2026-21513
"Xakerlar zaifliklar ommaga e’lon qilinishidan oldin ulardan foydalanib bo‘lgan"
Hujum mexanizmi ikki bosqichli bo‘lib, juda puxta o‘ylangan:
- Birinchi zaiflik orqali tizimga zararli .LNK fayl yuklatiladi
- Ikkinchi zaiflik orqali xavfsizlik cheklovlari chetlab o‘tiladi va zararli kod ishga tushiriladi
Natijada tizimga quyidagi zararli komponentlar o‘rnatiladi:
- PrismexSheet – Excel fayl orqali yashirin kodni ishga tushiradi
- PrismexDrop – keyingi hujumlar uchun muhit tayyorlaydi
- PrismexLoader – rasm ichiga yashirilgan kodni yuklaydi
- PrismexStager – cloud orqali boshqariladigan zararli modul
Qiziqarli jihati shundaki, zararli kodlar hatto PNG rasmlar ichiga yashirilgan bo‘lib, maxsus algoritm orqali ajratib olinadi.
Ba’zi holatlarda bu hujumlar nafaqat ma’lumot o‘g‘irlash, balki tizimni butunlay yo‘q qilish (wiper) funksiyasini ham bajargan. Masalan, foydalanuvchi papkasidagi barcha fayllar o‘chirib tashlangan.
"Bu kampaniya nafaqat josuslik, balki sabotaj maqsadida ham ishlatilishi mumkin"
Mutaxassislarning fikricha, APT28 endi oddiy hujumlardan ko‘ra strategik infratuzilmalarni ishdan chiqarishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.








